Milliy tibbiyot markazida Takayasu sindromi oqibatida rivojlangan buyrak arteriyasi stenozi bilan og‘rigan bemorda murakkab buyrak autotransplantatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
Bemor uzoq yillar davomida nazorat qilish qiyin bo‘lgan arterial qon bosimining yuqoriligi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi hamda umumiy holsizlikdan aziyat chekib kelgan. Chuqurlashtirilgan tekshiruvlar natijasida Takayasu sindromi tufayli buyrak arteriyasida og‘ir darajadagi torayish aniqlangan.
Murakkab jarrohlik amaliyoti Milliy tibbiyot markazi transplantologi, tibbiyot fanlari doktori Jasur Sobirov boshchiligidagi mutaxassislar jamoasi tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Operatsiya davomida buyrak organizmdan ehtiyotkorlik bilan ajratilib, zararlangan qon tomirlari rekonstruksiya qilindi va a’zo chanoq sohasiga qayta ko‘chirib (autotransplantatsiya) joylashtirildi.
Mazkur yuqori texnologik amaliyot natijasida bemorning buyragi saqlab qolindi, uning qon bilan ta’minlanishi tiklandi hamda buyrak faoliyatini saqlab qolishga erishildi.
Autotransplantatsiya transplantologiyadagi eng murakkab va kam bajariladigan jarrohlik amaliyotlaridan biri bo‘lib, uni muvaffaqiyatli amalga oshirish yuqori malaka va katta tajribani talab etadi.
Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli joriy etib, bemorlarga zamonaviy, yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.